MUNOSABAT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldagi PQ-150-son qarori — “Madaniyat va san’at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xusus sektor ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilinishi mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu qarorning 11-bandiga alohida e’tibor qaratgan holda, aytish joizki, 2026-yil 1-avgustdan boshlab madaniyat va san’at sohasida nodavlat hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan mazkur qaror soha rivoji va yoshlar uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochadigan tarixiy qadamdir.
Shu kungacha ayniqsa ta’lim bilan bog‘liq san’at yo‘nalishlarida bunday keng qamrovli va tizimli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yetarli darajada mavjud emas edi. Yangi joriy etilayotgan grantlar tizimi esa teatr, kino, animatsiya, musiqa, raqs va boshqa ijodiy sohalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Ayniqsa, startaplar, ijodiy loyihalar, innovatsiyalar va sun’iy intellekt kabi zamonaviy yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilayotgani bu sohaning nafaqat buguni, balki ertangi kuni uchun ham mustahkam poydevor yaratadi. Bu esa yosh ijodkorlarning o‘z g‘oyalarini erkin amalga oshirishi va yangi format hamda yondashuvlarni sinab ko‘rishi uchun katta imkoniyatdir.
Shuningdek, san’at va madaniyat sohasida inklyuzivlik hamda ijtimoiy yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlash orqali jamiyatdagi barcha qatlamlar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi ham ushbu qarorning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi.
Ishonamanki, ushbu qaror nafaqat madaniyat va san’at sohasining rivojiga, balki yosh avlodning ijodiy salohiyatini ochishga, ularni qo‘llab-quvvatlashga va milliy madaniyatimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universitetining Toshkent shahar filiali direktori, professor
I.M. Meliqo’ziyev
Youtube sahifamizga havola: Youtube | Telegram sahifamizga havola: ВГИК Ташкент | Facebook sahifamizga havola: Facebook
