21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni
BDKU Toshkent filiali direktori, professor Iqbol Meliqo‘ziyevning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tabrigi!
✨Hurmatli yurtdoshlar, aziz hamkasblar, qadrli talabalar!
⚡️S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universiteti Toshkent filiali jamoasi Sizlarni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi hamda “21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni” bilan chin dildan tabriklaydi.
Til – millatning ruhi, qalbi va g‘ururidir. Ona tilimizni qadrlash, uni asrab-avaylash, avloddan-avlodga yetkazish – har birimizning muqaddas burchimizdir.
Biz kinematografiya sohasi vakillari yaratadigan har bir film, har bir ijodiy asar orqali o‘zbek tilining jozibasi, boyligi va go‘zalligini dunyoga namoyish etishga intilamiz. Milliy filmlarimizda ona tilimizning betakror ohangi, xalqimizning ma’naviyati va madaniyati o‘z ifodasini topmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning “Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”, — degan so‘zlari barchamiz uchun tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomini yuksaltirish yo‘lida mas’uliyatli yo‘nalishdir.
⭐️Keling, ona tilimizni e’zozlaylik, uni yanada rivojlantiraylik va yosh avlodni o‘zbek tiliga hurmat ruhida tarbiyalaylik. Zero, til yashasa – millat yashaydi.
O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
Youtube: Youtube | Telegram: ВГИК Ташкент | Facebook: Facebook
