21 oktyabr —O‘zbek tili bayrami kuni
Ona tilim deya g‘ururlanishimiz uchun…
Inson qiziqish, ehtiyoj yoki taqdir sabab qancha xorijiy tilni o‘rganadi, bu yaxshi, lekin o‘z ona tilida gapirganchalik huzur bilan muloqot qila olmaydi. Bu har bir millat vakili uchun tabiiy deb o‘ylayman.
Bugun o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu sana O‘zbek tili bayrami kuni sifatida Qonun bilan belgilab qo‘yildi. Davlat hamma sharoitni yaratyapti. E’tibor yuksak. Endi hamma gap uni to‘la-to‘kis hayotga tatbiq eta olishda.
Aslida tilimiz o‘z asli, o‘z qadriga ega bo‘lishi yo‘lida minglab ma’rifatparvar, xalqparvar ajdodlarimiz jon fido qilganliklariga tarix guvoh. Bu haq, bu majburiyat avloddan-avlodga o‘tib, yashab kelyapti.
Afsuski, ba’zan ana shu majburiyatni bajara olmayotgan, o‘zbek tili sofligini, rivojini ta’minlay olmayotgandekmiz.
Aytmoqchimanki, bu majburiyat nafaqat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti yoki boshqa tashkilot zimmasida, balki shu tilda so‘zlashuvchi har bir inson qalbidagi eng ulug‘ maqsadlardan biri bo‘lishi kerak. Ya’ni hamma birdek qayg‘ursagina ona tilimiz, tom ma’noda, yuksak mavqega ko‘tariladi.
Shundagina yana bir necha asrlarda so‘ng ham ona tilimiz o‘z aslicha yashayotgan bo‘ladi. Zotan, Alixonto‘ra Sog‘uniy ta’kidlaganidek: «Turkiston qayg‘usi» kitobida yozganidek: «Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladilar».