Toshkent filialida Ilmiy Kengashning ochilish marosimi
2025 yil 17 yanvar kuni S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkent filialida Ilmiy Kengashning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga Ilmiy Kengash raisi, filial rahbari, falsafa fanlari doktori, professor I.M. Meliqo‘ziyev boshchilik qildi.
Tadbirda telemost orqali S.A. Gerasimov nomidagi VGIK rektori, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, Rossiya ta’lim akademiyasi akademigi, San’at va madaniyat ta’lim muassasalari uyushmasi prezidenti, Rossiya davlat mukofotlari laureati V.S. Malishev hamda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, professor I.V. Korotkov ishtirok etdilar.
Bosh oliy ta’lim muassasasi rahbari V.S. Malishev Ilmiy Kengash a’zolarini tabriklab, uning universitetning ilmiy va ijodiy rivojlanishidagi muhim o‘rniga alohida e’tibor qaratdi.
O‘z navbatida, I.M. Meliqo‘ziyev Kengashning asosiy vazifalarini belgilab berdi. Ular qatorida – O‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari va xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlarining hujjatlarini Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etish hamda ilmiy-ijodiy yutuqlarga erishayotgan professor-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish choralarini amalga oshirish mavjud.
Ilmiy Kengash a’zosi, pedagogika fanlari doktori, professor, S.K. Annamuratova ushbu muhim voqeani alohida ta’kidlab, Kengash kelajakda ilmiy-ijodiy, kadrlar tayyorlash va moliyaviy rivojlanish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.